Yoʻriqnoma
Oʻyin yoʻriqnomasi
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari, jismoniy tarbiya yoʻriqchilari va ota-onalar uchun: olti yoʻnalish boʻyicha oʻyinlar va ularni oʻtkazish tartibi.
Bolalarni jismoniy imkoniyatlarini rivojlantiruvchi oʻyinlar toʻplami
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi va ushbu konsepsiyada maktabgacha yoshdagi bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish maqsadida quyidagilar nazarda tutiladi:
- “maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini, shuningdek, bolaning rivojlanishi va uning umumiy boshlangʻich taʼlimga tayyorligini kompleks baholashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun oʻquv-metodik, didaktik materiallar va badiiy adabiyotlarni tanlab olishni va ekspertizasini ishlab chiqilgan tartibga muvofiq oʻtkazish;
- maktabgacha taʼlimning muqobil shakllari uchun yangi oʻquv-metodik materiallarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturini keng joriy etish;
- tarbiyalanuvchilarning yakka tartibdagi ish daftarlari, kartochkalar, tarqatma va sanoq materiallari mazmuni va dizaynini oʻrnatilgan talablarga muvofiq ishlab chiqish;
- rivojlanishida jismoniy yoki ruhiy buzilishlari boʻlgan bolalar taʼlimining kompleks texnologiyalarini ishlab chiqish, inklyuziv taʼlim, eng yangi reabilitasiya va abilitasiya usullarini keng joriy etish, ularning izchil ijtimoiylashuvi va umumiy maktabgacha taʼlim umumiy tizimi integrasiyalashuviga koʻmaklashadigan moslashtirilgan dasturlar va yakka tartibdagi taʼlim yoʻnalishlarini ishlab chiqish”[1].
Mazkur vazifalarni bajarishda bolalarning jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirish sohasida pedagoglarga jismoniy rivojlanishni uslubiy va pedagogik nuqtai nazardan toʻgʻri tashkillashtirish uchun bolalar fiziologiyasi va psixologiyasini yaxshi oʻrganish va doimo maʼlum ilmiy yoʻnalishlarga murojaat qilishlari hamda mazkur bilim va koʻnikmalarga suyangan holda har bir mashgʻulot oldidan aniq vazifalar qoʻyishi lozim. Har tomonlama rivojlangan, jismonan sogʻlom yosh avlodni tarbiyalash davlat ahamiyatiga molik vazifalardan hisoblanib, uni amalga oshirish uchun esa bolalarning maktabgacha taʼlim davridan boshlab sogʻligʻini mustahkamlash, toʻgʻri tarbiyalash va rivojlantirishning muhim shartlaridan biri boʻlgan xilma-xil jismoniy tarbiya vositalari va uslublaridan keng foydalanish zarur.
Oʻyin maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi hayotida muhim oʻrin tutganligi sababli pedagoglar tomonidan tarbiyaning asosiy vositasi sifatida qabul qilingan. Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida rolli, didaktik, harakatli va shunga oʻxshash oʻyinlar keng qoʻllaniladi. Biroq oʻyinlar koʻpligiga qaramay, aynan zarur harakatli oʻyinlarni ajratib olish maqsadga muvofiq. Maktabgacha yoshdagi bolalar oʻyin vazifalarini maroq bilan bajarish bilan birga oʻyin davomida turli harakatlarni bajarish orqali jismoniy tomondan chiniqadi va jismoniy imkoniyatlari rivojlanadi.
Harakatlarni koʻp karra takrorlash bolalardan diqqat, irodaviy va jismoniy kuch, harakatlar koordinasiyasini talab qiladi. Demak, oʻrta, ayniqsa katta maktabgacha yoshda harakatli oʻyinlar nafaqat harakat faolligini rivojlantirish uchun, balki epchillik, tezkorlik, chidamkorlik kabi sifatlarni tarbiyalash uchun muhim vosita hisoblanadi.
Harakatli oʻyinlar organizmning asosiy fiziologik tizimlari (yurak qon-tomir, nafas) faoliyatini takomillashtirishga, bolalarni jismonan rivojlantirish, jismoniy tayyorgarligini yaxshilashga, maʼnaviy va irodaviy sifatlarni tarbiyalashga yordam berish bilan bir qatorda ularning jismoniy faolligini oshiradi.
Xalqimizda “Daraxtdan meva olaman desang, niholligidan parvarish qil” degan naql bor. Tabiiyki, bolalarda jismoniy imkoniyatlarni rivojlantirishni tizimli ravishda amalga oshirish pedagoglardan kerakli mahorat va tajribalarni talab qiladi. Shu maʼnoda mazkur toʻplam maktabgacha taʼlim tashkilotlarida pedagog tarbiyachilar va jismoniy tarbiya yoʻriqchilari uchun bolalarning jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirishda koʻmaklashish maqsadida yaratildi.
[1] Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-4312-sonli qarori.