Tongi moʻjizaviy qushlar
Maqsad
Bolalarda chaqqonlik, muvozanat, tezlik kabi jismoniy koʻnikmalarni rivojlantirish hamda jamoaviy munosabatlarni shakllantirish va bolalarga kun davomida yaxshi kayfiyat va energiya bagʻishlash.
Kerakli jihozlar
- konuslar
- toʻplar
- bayroqlar
- lentalar
- halqachalar
Oʻtkazilish tartibi
“Tongi moʻjizaviy qushlar” oʻyini 6-7 yoshli bolalarning jismoniy imkoniyatlarini rivojlantiruvchi qiziqarli oʻyin boʻlib, tanani qizdirish, muvozanat saqlash, epchillik, shuningdek, muloqot va jamoaviy hislarni rivojlantirishga qaratilgan. Oʻyin juda faol va qiziqarli boʻlib, bolalar tongni ajoyib tarzda boshlaydi.
1-bosqich (tayyorgarlik)
Oʻyin maydonini tanlash: kuz, qish va bahor faslida binoda va ochiq maydonchalarda, yoz faslida esa mashgʻulotlar ochiq havoda, maxsus jismoniy tarbiya maydonchalarida oʻtkaziladi.
Oʻyinlar inventarizatsiyasi: konuslar, toʻplar, bayroqlar, lentalar, halqachalar.
Vizual – musiqiy ovoz: tong chogʻi qushlarning chugʻurlashi bolalar ongida umid, yangi kunning boshlanishi va quvonch muhitini yaratadi. Ushbu tabiiy simfonik tajriba bolalar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi va tabiatning goʻzalligi va inoyati haqida idrok, tafakkur, xotira, xayol kabi tafakkur operatsiyalarini rivojlantiradi. Bunday yondashuvlar bolalarda ijobiy emotsiyalar, tetik, xushchaqchaq kayfiyatni tarbiyalash juda muhimdir, chunki ijobiy emotsiyalar organizm tizimlariga yaxshi taʼsir qiladi.
2-bosqich (oʻyin qoidalarini tushuntirish)
Jamoalarga boʻlinish: Bolalar ikki yoki uchta jamoaga boʻlinadi. Har bir jamoa qushlarga tegishli nomlarni tanlaydi (masalan, “Burgutlar”, “Qaldirgʻochlar”). Barcha jamoalar oʻyin maydonining qarama-qarshi tomonlarida joylashgan oʻz hududlarida turishadi.
3-bosqich (oʻyinni boshlash)
Hushtak ovozidan bolalar maydon uzra yoyilgan “urugʻlarni” qidirayotgan tongi qushlarni tasavvur qilib, oʻz hududidan “uchib ketishlari” kerak (bunda futbol yoki tennis toʻplari, halqalar, bayroqlar kabi kichik obʼektlardan foydalaniladi).
Urugʻlarni yigʻish: bolalar “urugʻlarni” yigʻib, oʻz hududiga qaytishlari kerak. Shu bilan birga, ular turli xil uslublarda “uchib ketishlari” mumkin: “burgutlar kabi” (qoʻllarni keng yoygan holda yugurish), “qaldirgʻochlar kabi” (toʻsiqlar ostidan egilish). Maydondagi toʻsiqlarni (konuslar, sakrash arqonlari) asosida shakllantirish mumkin, bolalar toʻsiqlar ostidan va ustidan sakrab oʻtishi yoki aylanib oʻtishi mumkin.
4-bosqich (oʻyin yakuni)
(5-7 daqiqa) mashgʻulot yakuni eʼlon qilinadi. Har bir jamoaning “urugʻlari” hisoblanadi. Eng koʻp urugʻ toʻplagan jamoaga ragʻbatlantiruvchi mukofot sifatida stikerlar beriladi.